Shayx Said Afandi al-Chirkaviyning o‘limiga sabab bo‘lgan terrorchilik harakatining uch nafar ishtirokchisi umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda, RBC.ru xabariga ko‘ra, Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lum qilgan.

Shayx Said Afandi al-Chirkaviy. Foto: Islam.ru

Shayx Said Afandi al-Chirkaviy. Foto: Islam.ru

Sud Shihmirza Labazanov, Magomed Gadjiyev, Magomedala Amirxanovni umrbod ozodlikdan mahrum etish, guruhning to‘rtinchi a’zosi Ahmed Israpilovni 12 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan.

Ular terrorchilik, banditizm, odam o‘g‘irlash, tovlamachilik, bosqinchilik va noqonuniy qurol aylanmasi bilan shu’gullanishda aybdor deb topilgan. Ayblanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni tan olmagan, advokatlar esa ularni oqlashni talab qilgan.

2012-yilning avgust oyida Dog‘istonning Buynaksk tumanidagi Chirkey qishlog‘ida 30 yoshli Aminat Kurbanova (Saprikina) taniqli diniy arbobning qabuliga kelib, o‘z tanasiga yopishtirilgan portlovchi qurilmani ishga tushirgan edi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bomba Labazanov, Gadjiyev va Amirxanov tomonidan yetkazib berilgan. Portlash natijasida 7 kishi, jumladan, diniy arbobning o‘zi ham halok bo‘lgan.

Dog‘istondagi so‘fiylarning eng keksa yetakchilaridan biri hisoblangan shayx Said Afandi al-Chirkaviy Dog‘iston musulmonlarining aksariyat qismi uchun ustoz darajasida edi.