Shu kunlarda Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan yangi tahrirdagi “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi olimlar, malakali mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilgan holda tuzilgan ishchi guruhi tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Wikipedia

Foto: Wikipedia

O‘zbekiston Respublikasining “Veterinariya to‘g‘risida”gi Qonuni O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida ya’ni, 1993-yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun uning ayrim normalarini qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida veterinariya xizmatining rivojlanishiga, mamlakatda veterinariya osoyishtaligini ta’minlash, aholi va hayvonlarni kasalliklardan himoya qilish, atrof-muhit muhofazasida veterinariya-sanitariya masalalarini hal etishdan iboratdir.

Qonun loyihasining yangi tahririda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan va veterinariya barqarorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan o‘ndan ortiq yangi moddalar kiritilmoqda, – dedi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi R. Qobilov.

Muhokamalar chog‘ida veterinariya sohasidagi xorijiy umumiy nizomlar va qonunchilik hujjatlari jumladan, hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish xalqaro tashkiloti tomonidan tavsiya qilingan hayvonlar sog‘lig‘iga oid xalqaro qoidalar, Avstraliya, AQSh, Kanada va Boltiqbo‘yi kabi davlatlarning qonunchiligi ham o‘rganilib, tahlil qilinmoqda.

Qonun loyihasini tayyorlash jarayoniga tegishli davlat idoralarining vakillari, mutaxassislar, ekspertlarning jalb etilayotgani muhokamalarning amaliy o‘tishiga xizmat qilmoqda.