O‘zbekiston har yili shamoldan 1 trillion kVt/s elektr energiyasi olishi mumkin, deb yozadi UzDaily Germaniya kompaniyalari konsorsiumining O‘zbekistonning shamol energetikasi salohiyati haqidagi ma’ruzasiga tayanib.

Foto: we.uz

Foto: we.uz

“Talimarjon IES” UK hamda Germaniyaning Intec-GOPA va Geo-Net kompaniyalari “Talimarjon IESda 500 kv lik elektr uzatish havo liniyasi — 500 kvlik Sug‘diyona podstansiyasi qurilishi” loyihasi doirasida Jahon banki ko‘magida O‘zbekistonning shamol energiyasi salohiyati (ShES) baholandi.

“O‘zbekenergo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Atlas asosida Navoiy viloyati hamda Qoraqalpog‘iston janubida ShESni aniqlash maqsadida ikkita maydon tanlandi. Shu yilning martida ushbu maydonlarga shamol tezligi va yo‘nalishini, shuningdek havo zichligi va haroratini aniqlovchi 85 metrlik meteorologiya machtalari o‘rnatildi.

Geo-Net kompaniyasi vakili Yoxannes Bekker aytishicha, dastlabki taxminlarga ko‘ra, O‘zbekistonning shamol energetik manbalari yiliga  520 ming MVt quvvat va 1 milliard megavatt/soat elektr energiyasiga ega. Bekker yiliga jami 1 077 651 GVt/s (1078 TVt/s) energiya ishlab chiqarilishiga umid qilish mumkinligini ta’kidladi.