AQSHning Florida shtatidagi Kanaveral burnidagi kosmodromdan Turkmanistonning ilk sun’iy yo‘ldoshi – “TürkmenÄlem 52°E” uchirildi. Bu haqda 12news.uz xabar bermoqda.

Foto: 12news.uz

Foto: 12news.uz

Turkmaniston buyurtmasiga asosan Fransiyaning Thales Alenia Space kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sun’iy yo‘ldosh Falcon 9 raketa-tashuvchisi yordamida koinotga olib chiqildi.

Ushbu voqea munosabati bilan Ashxobod shahri va AQSHning SpaceX kompaniyasi parvoz maydonchasi o‘rtasida teleko‘prik o‘rnatildi, unda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham ishtirok etdi.

Teleko‘prik davomida raketa-tashuvchiga o‘rnatilgan videokamera orqali voqea-hodisalar videotasviri uzatib turildi. Raketa Ashxobod vaqti bilan 28 aprel, seshanba kuni soat 4:03 daqiqa o‘tganida havoga ko‘tarildi.

Parvozni amalga oshirgan SpaceX kompaniyasi kosmik apparat geoo‘tish orbitasiga muvaffaqiyatli olib chiqilgani haqida hisobot berdi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldoshdan signal olingani va u berilgan yo‘nalish bo‘ylab muvaffaqiyatli harakatni davom ettirayotgani ma’lum qilindi.

Keyingi bir necha kun davomida sun’iy yo‘ldosh geostatsionar orbitagacha ko‘tarilib, 52 daraja sharqiy kenglikda o‘z orbital nuqtasini band etishi kerak. Shundan so‘ng sun’iy yo‘ldosh Turkmanistonning Axal viloyatida joylashgan Yo‘ldoshni boshqarish markazidan turib nazorat qilib turiladi.

Turkmanistonning milliy sun’iy yo‘ldoshi milliy teleradiokompaniyaning tele- va radiokanallarini translyatsiya qilish, VSAT tarmoqlarini tashkil etish, keng polosali yo‘ldosh interneti, masofaviy ta’lim, masofaviy tibbiyot xizmatlarini ko‘rsatish, turli videokonferensiyalarni o‘tkazishga imkon beradi.

Turkmaniston davlat axborot agentligining qayd etishicha, sun’iy yo‘ldosh antennalari Yevropa, Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning o‘nlab mamlakatlarini qamrab oladi. Yo‘ldoshning joylashuvi Turkmanistonga Osiyo va Yevropa kanallarini uzatishda tranzit mamlakat sifatida xizmat ko‘rsatish imkonini ham beradi.