Malayziya harbiy havo kuchlari o‘zining Airbus A400M samolyoti parvozlarini to‘xtatdi, deb xabar qiladi “RIA Novosti”.

Airbus A400M 110515

Foto: airliners.net

Ushbu qaror Ispaniyaning Sevilya shahrida xuddi shunday samolyot parvoz qilganidan bir daqiqa o‘tib qulaganidan so‘ng qabul qilindi. 9-may kuni sodir bo‘lgan halokat natijasida 4 kishi hayotdan ko‘z yumdi va 2 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga keltirildi.

Malayziya Qirollik harbiy havo kuchlari 2015-yilning mart oyida ilk ishlab chiqarilgan to‘rtta Airbus A400M’ning birinchisini qo‘lga kiritgandi.

Oldinroq Turkiya, Germaniya va Buyuk Britaniya HHK ham Airbus A400M parvozlarini vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgandi.

Ispaniyaning huquq-tartibot idoralari va Airbus Defence and Space kompaniyasi mutaxassislari Sevilyadagi halokat sabablarini o‘rganmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qulagan Airbus A400M ekipaji texnik nosozliklar haqida xabar berishga ulgurgan.

Airbus А400М — dunyodagi eng katta turbovintli harbiy yuk samolyoti hisoblanadi va Airbus Military zavodida yig‘iladi.