Shimoliy va Janubiy Koreya vakillari Moskvadagi Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlangan paradda qisqa suhbat o‘tkazdi, deb xabar qiladi “RIA Novosti”.

Kim Yon Nam

Kim Yon Nam. Foto: ria.ru

Moskvadagi marosimda KXDR nomidan Oliy xalq kengashi prezidiumi raisi Kim Yon Nam, Janubiy Koreyadan esa prezidentning maxsus vakili Yun San Xyon ishtirok etdi.

“G‘alaba paradidan so‘ng menda Kim [Yon Nam] bilan bir necha masalalar yuzasidan gaplashib olish imkoniyati tug‘ildi. Men ikki Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishni Janubiy Koreya hukumati chin dildan istayotganini tushuntirdim. Kim [Yon Nam] ikkala Koreya tinchlikka erishish va kelishmovchiliklarni bartaraf etish yo‘lini qidirishi kerakligini ta’kidladi”, — deb Yun San Xyonning so‘zlarini keltiradi “Yonxap” agentligi.

Moskvaga uchib kelishdan oldin janubiy koreyalik diplomat marosimlar vaqtida shimollik qo‘shnilari bilan uchrashish niyati yo‘qligini ma’lum qilgandi.