AQSH Davlat kotibi Jon Kerri 12-may kuni Sochida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Rossiyaning boshqa rasmiylari bilan uchrashadi. Bu haqda, RBC.ru’ning ma’lum qilishicha, AQSH Davlat departamenti xabar bergan.

Foto: RBC.ru

Foto: RBC.ru

“Jon Kerri ikki tomonlama va mintaqaviy dolzarb, xususan, Eron, Suriya va Ukrainaga doir masalalarni muhokama qiladi. Tashrif Rossiyaning yuqori martabali vakillari bilan bevosita aloqalarni saqlab qolish va AQSHning yondashuvlarini tushuntirish bo‘yicha davom etayotgan urinishlarimizning bir qismidir”, - deyiladi AQSHning Rossiyadagi elchixonasi xabarida.

Rossiya rasmiy manbalari esa Putinning Kerri bilan uchrashishi haqidagi axborotni hozircha tasdiqlayotgani yo‘q. Xususan, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu borada hali qaror qabul qilinmaganini aytdi. “Agar shunday uchrashuv bo‘lsa, biz bu haqda ma’lum qilamiz”, - dedi u.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Sochida Sergey Lavrov va Jon Kerri o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi, unda “ikki tomonlama munosabatlarning joriy masalalari va dolzarb xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashilishi”ni ma’lum qilgandi.

“Davlat kotibi Jon Kerrining tashrifi ko‘p jihatdan global barqarorlikka asos bo‘lgan ikki tomonlama munosabatlarimizning normallashuviga xizmat qiladi, deb umid qilyapmiz”, - deyiladi TIV axborotida.

Qayd etish joiz, bungacha Putin va Kerri o‘rtasidagi yagona uchrashuv 2013-yil 7-mayida Kremlda bo‘lib o‘tgandi.