Eron hukumati mamlakat milliy kompaniyalari egalariga amerikalik hamkasblari bilan savdo aloqalarini o‘rnatishga ruxsat berdi. Bu haqda Eron savdo, shaxtalar va qishloq xo‘jaligi palatasi rahbari G‘ulomrizo Shofeiy ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kommersant.ru.

Foto: iran-times.com

Foto: iran-times.com

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat ikki mamlakat o‘rtasida rasmiy savdo aloqalari o‘rnatilguniga qadar xususiy sektor kompaniyalari o‘rtasida dastlabki aloqalarni o‘rnatishga ruxsat bergan.

“Norasmiy munosabatlar Amerika-Eron qo‘shma savdo-sanoat palatalarini tashkil etishga ko‘mak beradi”, - dedi Shofeiy. Uning qayd etishicha, palatalarni tashkil etish haqidagi g‘oya amerikalik ishbilarmonlar bilan o‘n oydan beri muhokama qilinmoqda.

Shofeiyning ma’lum qilishicha, amerikalik biznesmenlar Eron bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga katta qiziqish bildirishmoqda, biroq ular tomonidan bu borada rasmiy so‘rov hozircha bo‘lgani yo‘q.

Iran Daily’ning qayd etishicha, amerikalik tadbirkorlar hozircha rasmiy bo‘lmagan Amerika-Eron savdo-sanoat palatasini ko‘ngilli ravishda ta’sis etishgan.