Tailand Qurolli kuchlari qo‘mondonligi AQSH harbiylaridan besh kun ichidan Pxuket orolidan barcha samolyotlar va harbiy xizmatchilarni olib chiqib ketishni talab qildi. Bu haqda RBC.ru xabar bermoqda.

Foto: RBC.ru

Foto: RBC.ru

Pxuketda turgan AQSH harbiy kontingenti suvosti kemalariga qarshi Guardian Sea mashg‘ulotlarida ishtirok etgandi. Mashg‘ulotlar 20-may kuni yakuniga yetgan, biroq Vashington Tailand harbiylaridan Pxuket oroli aeroportida baza tashkil etishga ruxsat so‘ragandi.

AQSHning tushuntiricha, ushbu baza dengizda qolib ketayotgan rohinjalar – Myanmadagi musulmon xalqi vakillarini qutqarish ishlari bilan shug‘ullanishi kerak edi. Ushbu xalq vakillari Myanmada siqib chiqarilmoqda.

Tailand harbiy doiralaridagi manbaning ma’lum qilishicha, Tailand hukumati AQSH odam savdosi masalalari yuzasidan tergov o‘tkazish va qochoq rohinjalar muammosini hal qilish masalasida bosim o‘tkazishi mumkinligidan xavotirda.

Avvalroq AQSH, Yevropa Ittifoqi va BMT Tailandni toqatli bo‘lishga chaqirib, Myanmaning buddaviy aholisi tomonidan amalga oshirilayotgan ta’qib natijasida Myanmani ommaviy ravishda tark etayotgan rohinja muhojirlariga yordam ko‘rsatishga chorlagandi.

O‘z navbatida Tailand mudofaa vaziri Pravit Vongsuvan uning mamlakati qochiq rohinjalarga yordam berishga tayyorligini, biroq ular uchun o‘z hududida lagerlar tashkil etmasligini ma’lum qilgandi.