Somalidagi “Ash-Shabob” ekstremistik guruhi Keniya sharqida kamida 25 nafar politsiyachini o‘ldirdi, deb xabar beradi “TASS”.

Foto: news.bigmir.net

Foto: news.bigmir.net

Jangarilar vakilining so‘zlariga ko‘ra, 25-may kuni kechasi Yumbis qishlog‘ida pistirmaga tushib qolgan 20 nafar tartib posboni halok bo‘lgan. Mina portlashi natijasida avtomobilda joylashgan yana 5 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

“Biz ularning qurollarini olib qo‘ydik. Ba’zilar pistirmadan qochishga ulgurdi”, — dedi “Ash-Shabob” vakili Abdiaziz abu Musab.

Politsiya vakili Masud Mvini Yumbis qishlog‘idagi hujumni tasdiqladi, ammo qurbonlar haqidagi ma’lumotga izoh bermadi.

Jangarilar aytishicha, keniyalik harbiylar “Ash-Shabob” bilan kurashish uchun Somaliga kiritilgani uchun ham ular qo‘shni davlat hududida terakt uyushtirmoqda.

Aprel oyida Yumbis qishlog‘idan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan Garissadagi universitetga jangarilarning hujum qilishi natijasida 150 ga yaqin kishi halok bo‘lgandi.