Toshkentda svetoforlar ish tizimini optimallashtirish natijasida yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

“Daryo” internet nashri O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali savol bilan murojaat qildi.

Bosh boshqarma boshlig‘i X. A. Saydaliyevning javob maktubida aytilishicha, dastlab Toshkent shahridagi 120 ta chorrahaga video kuzatuv moslamalari o‘rnatiladi, keyinchalik ularning soni ortadi. Yangi tizim qurilish-montaj ishlari nihoyasiga yetishi bilan ishga tushiriladi. Bu haqda u ishga tushishidan avval harakat ishtirokchilariga OAV orqali batafsil ma’lumot beriladi.

Joriy etilayotgan yangilikning asosiy maqsadi:

  • Toshkent shahri ko‘chalarida yo‘l harakati xavfsizligini zamonaviy texnologiyalar orqali ta’minlashga;
  • yo‘l harakati qatnashchilarining yo‘l-transport hodisalaridan himoyalanganlik darajasini oshirishga;
  • poytaxt ko‘chalarining yuqori harakat jadalligi sharoitida yo‘l harakatini nazorat qilish, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlash, qayd etish hamda profilaktika qilish ishlarini takomillashtirishga qaratilgan.

Buning uchun nazorat qilinadigan har bir obyekt (chorraha) harakatni nazorat qiluvchi, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlovchi zamonaviy texnik vositalar (intellektual detektorlar, kontrollerlar, videokamera) bilan jihozlanadi.

Chorrahalardagi vaziyatni masofadan uzluksiz kuzatib borish uchun videokameralar hamda fuqarolar uchun maxsus xizmatlarni (ichki ishlar, tez tibbiy yordam va h.k.) chaqirish vositalari o‘rnatiladi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Chorrahalardan olingan barcha ma’lumotlar Markaziy dispetcherlik xizmatiga uzatiladi va bu yerdagi tablo va videomonitorlarga chiqariladi. Tizimga kiritilgan chorrahalardagi svetoforlar ham detektorlardan harakat oqimi to‘g‘risida olingan ma’lumotlarni qayta ishlash orqali avtomatik tarzda boshqariladi.

Shuningdek, svetoforlar ish tizimini optimallashtirish natijasida yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshiriladi. Natijada transport vositalarining chorrahalar oldida to‘xtab turishi 20—25 foizga, transport vositalari dvigatellaridan chiqayotgan zaharlar gazlar 5—10 foizga, yonlig‘i sarfi 5—15 foizga kamayishi hisobiga shahardagi ekologik holat ancha yaxshilanadi.

Loyihani amalga oshirish bilan ushbu sohada muayyan tajribaga ega bo‘lgan AGT Group GmbH kompaniyasining mutaxassislari shug‘ullanmoqda. Hozirga qadar ushbu yangilikni joriy etish yuzasidan bir qator amaliy ishlar bajarilmoqda. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach qo‘shimcha va batafsil ma’lumotlar taqdim etiladi.

Avvalroq, Toshkentning Muqimiy va Akramxo‘jayev ko‘chalari chorrahasida Germaniyaning Siemens svetoforlari, shuningdek xavf haqida ogohlantirish uchun tezkor aloqa tugmasi va chorrahadagi tizimni boshqarish uchun elektr shkaflar o‘rnatilgani haqida xabar berilgan edi.