Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhiga Toshkentning Sharof Rashidov va Xurshid ko‘chalari chorrahasida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi suratlari va videosi joylashtirildi.

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

Suratlarda oq rangli Mercedes avtomobili old qismiga jiddiy zarar yetgani, Malibu’ga yopishib turgan Cobalt’ning esa ham old, ham orqa qismi pachoq bo‘lgani aks etgan. Foydalanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, Mercedes qizil chiroqda to‘xtamay o‘tib kelib, Cobalt’ning old qismiga urilgan, Cobalt’ning orqasi esa Malibu bilan to‘qnashgan.

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

Foydalanuvchilardan biri tomonidan taqdim etilgan videoda esa hodisaning boshqa tafsilotlari ham ma’lum bo‘lgan. 2-iyun kuni soat 12:42 da yozib olingan videolavhada avtomobillar Sharof Rashidov ko‘chasida chorrahaning har ikki tomonida qizil chiroqda to‘xtab turgani ko‘rinib turadi, videoning 5-soniyasidan boshlab bir ayol piyodalar o‘tish yo‘lagidan yo‘lni kesib o‘ta boshlaydi.

12-soniyada qarama-qarshi yo‘nalishda qizil chiroqda turgan avtomobillar ichidan oq Mercedes ajralib chiqib, katta tezlikda chorrahani kesib o‘ta boshlaydi. Xurshid ko‘chasidan kelayotgan avtomobillarni aylanib o‘tishga urinib, 19-soniyada piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan ayolni urib yuborishiga bir bahya qoladi. Uni urib yubormaslikka harakat qilib boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishda qizil chiroqda to‘xtab turgan avtomobillar qatoriga qarab ketadi. Qayd etilishicha, Mercedes aynan shu joyda Cobalt’ga urilgan.

Guruh a’zolaridan biri Cobalt haydovchisi shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qilgan. Boshqa jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.