“Mister Bin” roli bilan tanilgan britaniyalik komik aktyor Rouen Atkinson o‘zining McLaren F1 superkarini 12,2 million dollarga sotdi. Bu haqda Korrespondent.net xabar bermoqda.

Foto: Korrespondent.net

Foto: Korrespondent.net

Avtomobilga butun dunyodan xaridorlar qiziqish bildirgan, uni britaniyalik fuqaro sotib olgan. Atkinsonning o‘zi uni 1997-yili 825 ming dollarga sotib olgandi.

“Mister Bin” mazkur avtomobilda ikki marta – 2009 va 2011-yillarda yo‘l-transport hodisasiga uchragan. So‘nggi avariyada aktyor xo‘l yo‘lda boshqaruvni yo‘qotib, yo‘ldan chiqib ketgan va ustunga borib urilgan.

To‘qnashuv natijasida McLaren F1 jiddiy zarar ko‘rib, zarbadan so‘ng yonib ketgan, Atkinson esa yelkasidan kichik jarohat olgan, xolos. Shundan so‘ng aktyorga Britaniya tarixidagi eng yirik – 1,4 million dollar miqdorida sug‘urta kompensatsiyasi to‘langan.

Eslatib o‘tamiz, McLaren F1 1993-yildan 2005-yilga qadar jahondagi eng tezkor avtomobil hisoblangan. U 1992-yildan 1998-yilga qadar atigi 106 dona ishlab chiqarilgan.