AQSh prezidenti Barak Obama ma’muriyati iyul oyida Kuba bilan diplomatik aloqalar qayta tiklanganini e’lon qiladi. Bu haqda, o‘z manbalariga asoslanib, Reuters agentligi xabar bermoqda.

Foto: AP

Foto: AP

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh va Kuba iyulning birinchi haftasida bitim imzolashga umid qilmoqda. Hozirga qadar Vashington va Gavana deyarli masalalar bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lgan va tomonlar qolgan muammolar yaqin vaqt ichida hal etilishiga ishonmoqda.

Hali ochiq turgan masalalar orasida diplomatlarning Kubada erkin harakatlanishi bo‘yicha AQShning talabi, shuningdek, Kubaning Gavanadagi AQSh manfaatlari sektsiyasida jurnalistika va axborot texnologiyalari kurslari bo‘yicha saboq bermaslik talabi bor.

Muzokaralar yakuniga yetganidan so‘ng AQSh davlat kotibi Jon Kerri Gavanaga tashrif buyuradi va Amerika elchixonasi ochilishida ishtirok etadi. Elchixonaning aynan qachon ochilishi hozircha noma’lum, Oq uy Gavanadagi diplomatik vakolatxona qayta ishga tushishi haqida Kongressga yaqin ikki hafta ichida rasmiy bildirishnoma yo‘llashi kutilmoqda.

Kuba hukumati ham yaqin vaqt ichida AQSh bilan diplomatik munosabatlar tiklanganini ma’lum qilishi taxmin qilinmoqda.

21-may kuni Oq uy ma’muriyati Obama prezidentlik vakolati yakunlanguniga qadar Kubaga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi – AQShning amaldagi prezidenti 2017-yil yanvarida Oq uyni bo‘shatadi.