AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) 2001-yil 11-sentabrdagi teraktga aloqador qator hujjatlarni maxfiylikdan chiqardi. “Vedomosti.ru”ning xabar berishicha, materiallar idora saytida e’lon qilingan.

Foto: Huffington Post

Foto: Huffington Post

MRBning qayd etishicha, mazkur hujjatlar “boshqarmaning teraktga qadar bo‘lgan faoliyati haqida” ma’lumot beradi. “Bugun e’lon qilingan hujjatlar idoraning 2001-yil 11-sentabrga qadar bo‘lgan faoliyatiga turlicha nazar solish imkonini beradi”, - deyiladi MRB bayonotida.

E’lon qilingan hujjatlar orasida terakt arafasida agentlik oldida paydo bo‘lgan bir qator “tizimli muammolar” haqida axborot beruvchi 500 sahifali hisobot ham bor. Tahlilchilarning fikricha, aynan shu muammolar terakt oldini olishga xalal bergan sabablardan biridir.

Umuman olganda, ushbu materiallardagi deyarli barcha axborot u yoki bu yo‘l bilan avval ma’lum bo‘lib ulgurgandi. Mahalliy OAV MRBning bu bayonoti haqida yozishga shoshilmay, faqatgina hujjatlar maxfiylikdan chiqarilgani haqidagi xabarlar bilan cheklanganini ham shu bilan izohlash mumkin.