Rossiya prezidenti ma’muriyatiga mahalliy mansabdorlar ustidan shikoyat qilish uchun Moskvaga ketayotgan Cheboksari (Chuvashiya Respublikasi poytaxti) fuqarolari 13-iyun, shanba kuni ochlik e’lon qildi, deb yozadi “RBK”. Ular o‘z sayohatini davom ettira olmagach, shunday chora qo‘llagan.

Foto: “RBK”

Foto: “RBK”

Chuvashiyaliklarni olib ketayotgan avtobus Vladimirskiy viloyatining Goroxovets shahrida to‘xtaganidan so‘ng, tashuvchilar avtobus buzilganini bahona qilib, oldinga yurishdan bosh tortgan. Chuvashiya davlat kengashi deputati fikricha, haydovchilarga mahalliy amaldorlar bosim o‘tkazgan.

Avtobuslar yo‘lovchilari Goroxovetsda muddatsiz ochlik e’lon qildi. Ular Moskvaga olib borib qo‘yilmagunlaricha ochlikdan voz kechmoqchi emas. Deputat so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchilar orasida bolalar, pensionerlar va nogironlar ham bor.

Cheboksari aholisi Putinga uy-joydan majburan mahrum qilinganlik yuzasidan shikoyat qilmoqchi. Gap shundaki, ularni 30—40 yil yashagan uylaridan ko‘chirib chiqarishmoqda, evaziga esa arzimagan tovon puli taklif qilishmoqda.