Shu kunlarda Andijonda qurilish va obodonlashtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilib, eski shahar hududida katta rejalar bilan bunyodkorlik ishlari boshlangan. Viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi mutasaddisi Sarvarbek Komilov “Andijonnoma” gazetasi muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda bu boradagi tafsilotlarni ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “12news.uz”.

Andijon. Foto: O‘zA

Andijon. Foto: O‘zA

Jumladan, eski shahar hududidagi viloyat adabiyot va san’at muzeylari birlashtirilib, o‘lkashunoslik muzeyi binosi ta’mirlanadi va bu yerda “Yoshlar markazi” tashkil etiladi. Adabiyot va san’at muzeyi joylashgan Jome’ me’moriy majmuasi rekonstruksiyadan chiqarilib, uning oldida chiroyli xiyobon barpo etiladi va bu yer “Andijon Registoni”ga aylantiriladi. Mazkur ko‘cha “Ma’rifat va ma’naviyat” nomi bilan ataladi.

Shu hududdagi Oltinko‘l ko‘chasi tor va o‘ydim-chuqur holatga kelib qolganligi ko‘pchilikka ma’lum. Ushbu ko‘cha ham kengaytirilib, Mustaqillik shohko‘chasi nomi beriladi. Ko‘chaning ikki tarafiga 2 va 3 qavatli turarjoy binolari quriladi. Binolarning birinchi qavatiga xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari joylashtiriladi.

Oqravot ko‘chasidagi qurilishi tugallanmagan bino o‘rnida 107 ta xonadondan iborat ko‘p qavatli “Kamolot” uyi barpo qilinadi. Bu manzilning “Yoshlar ko‘chasi” nomi bilan atash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, yangi shahar hududidagi Bobur maydonida musiqali favvora quriladi. Maydon yonidagi “Temiryo‘lchilar madaniyat uyi”da ulug‘ shoir Bobur Mirzo muzeyi tashkil etilib, yagona majmua sifatida shakllantiriladi.