Yaponiyaning Toyota Motor kompaniyasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Juli Xemp iste’foga chiqarildi. Bu haqda kompaniya tomonidan tarqatilgan press-relizda so‘z boradi.

Kadr: YouTube

Kadr: YouTube

“So‘nggi vaqtlarda barcha manfaatdor tomonlarga noqulaylik tug‘dirgan vaziyatlarni hisobga olgan holda, biz uning o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqish haqidagi arizasini qabul qildik”, - deyiladi kompaniya xabarida.

Avvalroq, 18-iyun kuni Xemp xonim giyohvand moddalarning noqonuniy kontrabandasida ayblanib, Yaponiya politsiyasi tomonidan hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, uning nomiga AQShdan og‘riq qoldiruvchi maxsus dori yetkazib berilgan bo‘lib, mazkur vositani Yaponiyaga olib kirish uchun tegishli ruxsatnoma talab etiladi.

Yaponiya politsiyasi Toyota’ning bosh qarorgohida va avtokonsernning bosh idorasida tintuvlar o‘tkazdi. Top-menejerning o‘zi esa mazkur dorining Yaponiyada taqiqlanganini bilmasligini va oyog‘idagi og‘riqlar sabab otasidan dori yuborishni so‘raganini ma’lum qildi.