O‘zbekiston hukumati 2015—2019-yillarda Orol dengizi havzasi hududidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish uchun arab moliyaviy institutlarining 360 million dollarlik kreditini jalb etadi, deb xabar bermoqda “Newskaz.ru”.

Foto: ria.ru

Foto: ria.ru

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi joriy haftada Al Quvayt shahrida bo‘lib o‘tgan Arab muvofiqlashtirish guruhi a’zolari yig‘ilishida bu bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan.

Jumladan, Orol dengizining qurigan tubida daraxtzorlar tashkil etish, ushbu hududga kiruvchi aholi punktlari suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, Orolbo‘yidagi urologiya muassasalarini tibbiy uskunalar bilan ta’minlash singari 7 ta loyiha bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Ma’lumot uchun, Arab muvofiqlashtirish guruhi tarkibiga Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi, Quvayt Arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi, OPEK xalqaro rivojlanish jamg‘armasi kiradi.