28-iyul kuni Wyndham Tashkent mehmonxonasida rossiyalik taniqli marketolog Igor Mann seminar o‘tkazib, foydani ko‘paytirish sirlari va biznesni ilgari surish uchun eng yaxshi strategiyalar to‘g‘risida so‘zlab beradi, deb xabar qilmoqda “Gazeta.uz”.

Foto: gazeta.uz

Foto: gazeta.uz

Tadbirning birinchi qismida kompaniya foydasini oshirish, “inson omili” va mijozlar bilan maksimal darajada samarali ishlash singari mavzularda so‘z yuritiladi. Ikkinchi qismda esa mijozlarni jalb qilish va saqlab qolish, mijozga yo‘naltirilgan tizimni joriy qilish, eng talabgir va foydali “yurishlar” bo‘yicha amaliy masalalarga e’tibor qaratiladi.

Seminar doirasida tinglovchilar mavzularni amaliy misollarda muhokama qilishi, eng samarali usullar algoritmini ko‘rib chiqishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, tinglovchilar amaliy maslahatlar olish va mijozlardan qayta aloqa olishning shubhasiz ishlaydigan 30 ta usulini batafsilroq o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tadbir dasturida ishtirokchilarning muloqoti uchun tanaffuslar, o‘z kompaniyasining ekpress taqdimotini o‘tkazish imkoniyati, shuningdek, dastxatlar sessiyasi ko‘zda tutilgan. Tinglovchilarga yakunda ma’ruzaga qatnashganlik to‘g‘risida rasmiy sertifikat beriladi.

Ma’lumot uchun, 1993-yildan buyon marketing bilan shug‘ullanib keluvchi Igor Mann “100 foizlik marketing”, “Byudjetsiz”, “Marketing mashina” singari kitoblar muallifi, “Mann, Ivanov va Ferber” nashriyoti, “Aql kuchi”, “Marketing Mashina”, Push Books internet loyihalarida sherik va hammuassis hisoblanadi. 12 yil davomida marketing bo‘yicha direktor bo‘lib ishlagan. Rossiya bo‘ylab doimiy ravishda ochiq va korporativ treninglar o‘tkazib keladi. Uning trening va seminarlarida 500 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan.