Ayni paytda Toshkent davlat stomatologiya instituti Samarqand filialiga 2015/2016-o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmoqda. Bu haqda “Zarafshon” gazetasiga tayanib, “Uz24.uz” xabar bermoqda.

Foto: uz24.uz

Foto: uz24.uz

O‘tgan o‘quv yilida filialga bakalavr yo‘nalishi uchun 40 ta o‘rin ajratilgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan o‘rinlar yana 10 taga ko‘paydi (14 ta davlat granti, 36 ta to‘lov shartnoma asosida). Shuningdek, ortopedik, terapevtik, xirurgik, bolalar stomatologiyasi hamda yuz-jag‘ xirurgiyasi mutaxassisliklari bo‘yicha 6 ta o‘rin magistratura uchun ajratilgan.

Ta’kidlash joiz, 2014-yil 22-iyulda O‘zbekiston Prezidentining “Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlarining stomatologiya fakultetlari, Toshkent pediatriya instituti Nukus filialining stomatologiya fakulteti negizida Toshkent davlat stomatologiya institutining respublika mintaqalaridagi filiallari tashkil etildi.

Samarqand filiali uchun alohida bino 2016-yilda quriladi. Hozirda talabalar Samarqand davlat tibbiyot instituti binosida tahsil olmoqda.