Ayni paytda 2015/2016-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari ketmoqda, deb yozadi “Xushnudbek.uz” blogi. Joriy yilda bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi bo‘limlarga umumiy qabul kvotasi 57 907, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 19 120 va to‘lov-kontrakt asosida 38 787 nafar miqdorida belgilangan.

Foto: gazeta.uz

Foto: gazeta.uz

DTM saytidagi maxsus sahifada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 14-iyul holatiga ko‘ra, hujjat topshirgan abituriyentlar soni butun respublika bo‘ylab, 305 392 nafarni tashkil qilmoqda.

Hozircha respublika bo‘yicha quyidagi OTMlarga eng ko‘p hujjat topshirilgan:

Termiz davlat universitetiga 18 303 kishi (kvota — 1662 kishi)

Jizzax davlat pedagogika institutiga — 13773 kishi (1615)

Andijon davlat universitetiga — 12319 kishi (1400)

Qarshi davlat universitetiga — 12138 kishi (1280)

Samarqand davlat universitetiga — 11432 kishi (1615)

Eng katta o‘rtacha tanlov esa, har yilgidek Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialiga bo‘lib turibdi. Hozircha mazkur OTMga ajratilgan bitta o‘ringa o‘rtacha 15,6 kishi da’vogarlik qilmoqda.

Aytib o‘tish joizki, o‘tgan yili hujjat topshirgan abituriyentlar soni bo‘yicha rekord natija qayd etilgan edi. Ya’ni 540 ming nafardan ko‘proq abituriyent talabalik baxtiga musharraf bo‘lish uchun o‘z omadini sinab ko‘rishga ahd qilgan edi. Bu bir o‘rin uchun o‘rtacha 9,4 kishi da’vogarlik qilgan deganidir.