Joriy yilning 10-iyul kuni Andijon shahrida “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki viloyat filialining yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda turli davlat va jamoat tashkilotlar vakillari, bank mutasaddilari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Foto: Mikrokreditbank

Foto: Mikrokreditbank

Mamlakatimizda keyingi yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash borasida moliya muassasalari tomonidan olib borilayotgan islohotlar ko‘lami nihoyatda keng. Bu borada “Mikrokreditbank” ATB tomonidan xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar misol bo‘la oladi.

Bugungi kunda bank tarmog‘i, 85 ta filial va 140 ta minibanklar respublikamizning barcha mintaqalaridagi, jumladan, eng chekka hududlardagi aholi va tadbirkorlik subyektlarining bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirdi va bank mijozlari soni qariyb 290 ming nafarni tashkil etmoqda.

Ta’kidlash joizki, bank faoliyat ko‘lamini, eng avvalo, yurtimiz aholisini barcha turdagi bank xizmatlari bilan qo‘llab-quvvatlashga qaratdi. Natijada bank o‘zining barcha turdagi xizmatlari bilan respublikamizning eng olis hududlarigacha kirib bordi.

Buning samarasi o‘laroq, birgina joriy yil boshidan buyon bankning barcha moliyalash manbalari hisobidan Respublikamizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 432,2 mlrd so‘mlik kreditlar ajratildi.

Bunda asosiy e'tibor tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilib, aholining mehnatga layoqatli qatlamini, shu jumladan, xotin-qizlarni, yoshlar, kollej bitiruvchilarini tadbirkorlik sohasiga jalb qilish, ish bilan ta’minlash borasida qator tadbirlar amalga oshirildi.

Bank tomonidan yoshlarni tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash dasturida faol ishtirok etib, kollej bitiruvchilarini kichik biznesga jalb etish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi va ularga 23,2 mlrd so‘mlik kreditlar ajratildi. Shuningdek, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qariyb 45,5 mlrd so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Bu boradagi ko‘rsatkichlarni bankning Andijon viloyat filiali faoliyati miqiyosida tahlil qiladigan bo‘lsak, yilning o‘tgan olti oyi mobaynida bank tomonidan kichik-biznesni qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan kreditlar hajmi 34,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, viloyatda xotin-qizlar tadbirkorligiga 5,3 mlrd so‘m, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes faoliyatini rivojlantirishga 3 mlrd so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.

Mazkur tadbirda ham o‘n nafar kollej bitiruvchisiga bankdan imtiyozli sarmoya olish imkonini beruvchi maxsus sertifikatlar taqdim etildi.

Reklama huquqi asosida. Xizmatlar litsenziyalangan