Vazirlar Mahkamasining 2015-yilning 16-iyulida o‘tkazilgan majlisida joriy yilning birinchi yarim yilligida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi, chakana savdo aylanmasi o‘sganligi hamda 441,8 mingta yangi ish o‘rni yaratilganligi qayd etildi, deb xabar qiladi O‘zA.

Foto: nav.uz

Foto: nav.uz

Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini tubdan ko‘paytirish, xizmatlar va servis sohasini jadal rivojlantirish, ichki talabni mutanosib rag‘batlantirish yuzasidan aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarining 13,5 foizga, chakana tovar aylanmasining 14,8 foizga va xizmatlarning 13,1 foizga o‘sishini ta’minladi.

Aholi bandligi masalalarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli 2015-yilning birinchi yarim yilligida 441,8 mingta yangi ish o‘rni, ulardan 274,9 ming ish o‘rni yoki 62,2 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.