2015-yil 16-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari ko‘rib chiqildi hamda qabul qilingan 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi, deb xabar beradi O‘zA.

Foto: uzembassy.fr

Foto: uzembassy.fr

Majlisda mamlakatni rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2015-yil 16-yanvarda respublika Hukumatining majlisida belgilab berilgan 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirishni so‘zsiz ta’minlash ishlarining natijalari har tomonlama ko‘rib chiqildi va batafsil tahlil qilindi.

Respublika sanoat tarmoqlari va hududlarining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini rivojlantirish, faol investitsiya siyosatini amalga oshirish, istiqbolli strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, shuningdek, aholining bandligini, hayot darajasi va sifatini oshirish shular jumlasidandir.