Vazirlar Mahkamasining 16-iyulda o‘tkazilgan joriy yilning dastlabki yarim yilligiga bag‘ishlangan majlisida O‘zbekistonga investitsiya kiritish o‘sib borayotganligi va yangi ishlab chiqarish obyektlari foydalanishga topshirilgani ta‘kidlandi, deb xabar qiladi O‘zA.

Foto: academic.ru

Foto: academic.ru

Faol investitsiya siyosatini hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash chora-tadbirlarini amalga oshirishni davom ettirish, infratuzilmani rivojlantirish o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 9,8 foizga, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 10,9 foizga o‘sishini ta’minladi. 2015-yilgi Investitsiya dasturi doirasida 63 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallandi. 1866 ta ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlarning 585 ta yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Investitsiya jarayonlarining faollashuvi pudrat qurilish ishlari hajmining 18 foizga o‘sishiga ko‘maklashdi.

Ushbu masalani muhokama qilish davomida vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlarining e’tibori zamonaviy yuqori texnologik ishlab chiqarish quvvatlari va obyektlarni ishga tushirish bo‘yicha muhim strategik investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash uchun shaxsan mas’ul ekanliklariga qaratildi. Ular oldiga ayrim loyihalar bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan qoloqlikning o‘rnini to‘ldirishga va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirishga qaratilgan kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklariga iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini safarbar qilish, mahsulot eksporti hajmlarini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish, an’anaviy bozorlarda O‘zbekistonning eksport qiluvchilari mavqeini mustahkamlash va yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtirishni ta’minlash bo‘yicha kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi.