2015-yil 16-iyulda o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasining majlisida mamlakatda qabul qilingan iqtisodiyotni rivojlantirish va modernizatsiyalash, uni diversifikatsiyalash va raqobatbardoshligini ta’minlash strategiyasining tizimli va izchil amalga oshirilishi tufayli, jahon iqtisodiyotida saqlanib qolayotgan inqirozli hodisalarga va uning rivojlanishi sur’atlari susayganligiga qaramay, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari va makroiqtisodiy muvozanatni mustahkamlash ta’minlanayotganligi qayd etildi, deb xabar qiladi O‘zA.

Foto: uzreport.uz

Foto: uzreport.uz

Yutuqlar va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish istiqbollari xalqaro moliya institutlari tomonidan yuqori baholanayotganligi ta’kidlandi. Jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2015-yil aprel—may oylarida O‘zbekistonda bo‘lgan missiyasi boshlig‘ining bayonotida “O‘zbekiston iqtisodiyoti ... murakkab tashqi sharoitda ham o‘z barqarorligini namoyon etmoqda. ... 2015-yilda iqtisodiy o‘sish, kutilganidek, yuqori bo‘ladi. Bunga yaqinda qabul qilingan sanoat va infratuzilmani modernizatsiya qilish, ... xususiylashtirish va korporativ boshqaruv dasturlari samarasida erishiladi”, deb qayd etildi.

Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8,1 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi ham 8,1 foizga o‘sdi. Eksport hajmlarining 7,4 foizga o‘sishi va tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi ta’minlandi. Davlat byudjeti profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi prognoz parametrlardan ortiq bo‘lmadi.