O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-iyulda imzolangan “Qarshi shahrining yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va qurilishining istiqbolli rejasi dasturi to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan “Qarshi—Shahrisabz” yo‘nalishi bo‘yicha 127 km uzunlikdagi avtomobil yo‘li to‘liq ta’mirlanib, sement-beton qoplamali yo‘lga aylantirilmoqda, deb xabar qiladi “O‘zavtoyo‘l” DAK matbuot xizmati.

Foto: uzavtoyul.uz

Foto: uzavtoyul.uz

Ushbu avtomobil yo‘li O‘zbekiston mustaqilligining 24 yillik bayrami arafasida to‘liq foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanmoqda.

Vohadagi ikki qadimiy shaharni bog‘lab turgan – 4R-79 avtomobil yo‘lining Qarshi shahridan chiquvchi 0-10 kilometrlari hamda ushbu yo‘nalishdagi M-39 avtomobil yo‘lining Shahrisabz shahriga kiraverishdagi 1174—1185 kilometrlari oralig‘ida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Kompaniyaning Avtomobil yo‘llaridan foydalanish va texnik holatini tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Husanovning aytishicha, qurilish ishlari “O‘zavtoyo‘l” DAK tizimidagi Avtomagistral birlashmasi ko‘prik qurilish uchastkasi hamda “Toshkentko‘prik” korxonalari tomonidan amalga oshirilmoqda.