2015-yil mart oyida o‘z uyida o‘ldirib ketilgan taniqli suxandon Rahmatilla Mirzayevning turmush o‘rtog‘i Raisa Mirzayeva “Darakchi” gazetasiga intervyu berdi. “Kun.uz”ning xabar berishicha, intervyu davomida marhumning rafiqasi o‘g‘li ushbu jinoyatga aloqadorligiga shubha bildirdi.

Foto: “Kun.uz”

Foto: “Kun.uz”

“Biz Rahmatilla aka bilan 1975-yilda dugonamning tug‘ilgan kunida tanishganmiz. O‘sha yil men chet tillar institutini, Rahmatilla aka esa teatr san’ati institutini tugatdik. U kishini ota-onam bilan tanishtirdim. Avvaliga uning suxandon ekanligi ularga yoqmadi. Keyinchalik u bilan yaqinroq tanishishganidan so‘ng yoqtirib qolishdi. Kunlarning birida Rahmatilla aka ilk uchrashuvlardayoq oramizda mehr paydo bo‘lganini anglab, hammasini har tomonlama o‘ylab ko‘rgani va yakuniy qarorga kelganini aytdi”, — dedi Raisa Mirzayeva.

Bundan tashqari, suxandon oilaviy munosabatlari nega darz ketgani haqida so‘zlab, Rahmatilla Mirzayev 8-mart kuni ikkita to‘y haqida o‘z yaqinlariga ma’lum qilmoqchi bo‘lganini aytib o‘tdi.

“Taniqli erkaklar atrofida doim har xil ayollar, muxlisalar bo‘ladi. Ularning ayrimlari birovlarga tegishli narsalarga darhol egalik qilishni istashadi. Ikki nafar farzandi bor, oilali erkakni yo‘ldan urishga tayyor ayol baxtimizga soya soldi. Afsuski, bundaylar bugun ko‘plab begunoh ayollar va bolalarning baxtiga zavol bo‘lishadi. Hech qaysi ayol mening o‘rnimda bo‘lishni istamasa kerak. Umr yo‘ldoshim bu hodisani hayotidagi eng katta xato deb qabul qilgan. Yillar davomida u oilamizni qayta tiklashga intildi. 8-mart kuni biryo‘la ikkita to‘y haqida yaqinlarimizga ma’lum qilmoqchi edik: bu bizning qayta oila qurishimiz va o‘g‘limizning to‘yi haqida”, — dedi Rahmatilla Mirzayevning sobiq turmush o‘rtog‘i.

Raisa Mirzayeva o‘g‘li Umidning otasi bilan munosabati yaxshi bo‘lganini, shu bois uning bu jinoyatga aloqasi borligidan shubhada ekanligini ma’lum qildi: “Umidning hayotida ota-ona asosiy inson edi. U otasini juda yaxshi ko‘rar, unga g‘amxo‘rlik qilar, tez-tez oldiga borib turar, uydagi ishlarni bajarar, otasi yo‘qligida uyda hammasiga bosh-qosh bo‘lardi. Rahmatilla aka bolalaridan itoatkor bo‘lishni talab qilardi... Kim nima deyishidan qat’iy nazar, men o‘g‘limning bu fojeaga aloqasi borligiga ishongim kelmaydi”, — so‘zini yakunladi Raisa Mirzayeva.

Eslatib o‘tamiz, taniqli suxandon Rahmatilla Mirzayev 2015-yil 2-mart kuni o‘z xonadonida o‘ldirib ketilgan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rahmatilla Mirzayevning qasddan o‘ldirilishi holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan dastlabki tergov natijasiga ko‘ra fuqaro Qudrat Shoazizov va marhum suxandonning o‘g‘li — Umid Mirzayev ayblanib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.