Toshkent shahar hokimligi, mutasaddi tashkilotlar hamkorligida “Kommunal xizmat va obodonlashtirish hamda sanitariya va veterinariya qoidalarini, shuningdek, shaharsozlik va pasport tizimiga oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni ta’minlashda nazorat organlari va boshqa mutasaddi idoralarning mas’uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida”gi 107-f-sonli qo‘shma farmoyish qabul qilindi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi rasmiy sayti xabar bermoqda.

Toshkent panoramasi. Foto: Guidecity / Wikipedia

Toshkent panoramasi. Foto: Wikipedia

Unda Toshkent shahrining yanada go‘zal va maftunkorligi, osoyishtaligi va obodligi yo‘lida har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi, shuningdek, hukumat tomonidan bu borada qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar talablariga so‘zsiz rioya qilinishi, ozodalik va tartibni saqlash, ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlarini yanada yaxshilash, har bir bino, inshoot va uy-joylarni talab darajasida saqlash oldimizda turgan ustuvor vazifalardan biri ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shu munosabat bilan mas’ul idora xodimlarining shahar hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda sanitar ahvolini yaxshilash borasida tegishli choralarni jonlantirishi, tuman hokimliklari tomonidan bu borada muntazam monitoringlar o‘tkazib borilishi lozimligi qayd etildi.

Jumladan, fuqarolarning mulkini, davlat va jamoat tartibini va atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish borasidagi huquqiy ongi va madaniyatini oshirish maqsadida tuman Ichki ishlar boshqarmalariga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalarida belgilangan ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlashga va uning oldini olishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish yuklandi.

Tuman Davlat soliq inspeksiyalariga fuqarolar o‘rtasida binoni, inshootni, turar yoki noturar joy (ofis)ni ijaraga berishning barcha holatlarida belgilangan tartibda shartnomalarning tuzilishi va davlat byudjetiga soliqlarning to‘lanishini ta’minlash, Davlat soliq idoralari xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 159-1-moddasi (fuqarolar o‘rtasida binoni, inshootni yoki ularning bir qismini, turar joyni ijaraga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud ijaraga berish shartnomasining majburiy notarial tasdiqlanishiga rioya qilmaslik) bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan qat’iyatlilik bilan keskin choralar ko‘rib, bu borada IIB va mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish vazifasi topshirildi.

Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari hamda hududiy tuzilmalari rahbarlarining e’tibori yakka tartibdagi uy-joy massivlarida fuqarolar tomonidan amaldagi va loyihadagi yo‘llar ustini, muhandislik inshootlarining muhofaza hududlarini, uy-joylar atrofidagi bo‘sh yer maydonlarini o‘zboshimcha egallash, tutash va boshqa yer maydonlarida o‘zboshimchalik bilan har xil turdagi qurilmalarni qurish, fuqarolar tomonidan ko‘p qavatli turar joylardagi xonadonlarni va yordamchi xonalarni belgilangan tartiblarga zid ravishda rekonstruktsiya qilish, xonadon parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish va boshqa holatlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan ishlarda xodimlarning mas’uliyatini yanada oshirishga qaratildi.

Toshkent shahar Davlat-arxitektura nazorati inspeksiyasiga shaharsozlik faoliyatining barcha subyektlari tomonidan arxitektura-shaharsozlik normalari, qoidalari hamda standartlari aholi hayot va faoliyat muhiti sifatining asosiy ko‘rsatkichlarini, ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiy-iqlimiy va boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda hududlarni shaharsozlik jihatidan o‘zlashtirish, aholi punktlarini rejalash va qurish borasida qo‘yiladigan sanitariya-gigiena talablarini, texnikaviy talablarni, foydalanishga oid, yong‘indan saqlashga qaratilgan va boshqa talablarning so‘zsiz ijro etilishi yuzasidan tegishli nazoratni kuchaytirish, qonun hujjatlarini buzgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rib borilishini ta’minlash vazifalari yuklandi.

Tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokorlariga atrof-muhitni sog‘lomlashtirish, ovqatlanishni, mehnat, turmush, dam olish, ta’lim-tarbiya berish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan qonunchilik, sanitariya holatini yaxshilash va epidemiyaga qarshi tashkiliy tadbirlar majmuini amalga oshirish asosida fuqarolarning salomatligini saqlash va mustahkamlash huquqlarini kafolatlab, xalq xo‘jaligi obyektlari, texnologiya uskunalarini va asboblarini, transport vositalarini rivojlantirish, joylashtirish, loyihalash, qurish va ishga tushirish chog‘ida atrof-muhit omillari aholi salomatligiga zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olishga qaratilgan faoliyatining ustuvorligi ta’minlashi hamda profilaktika qilish yo‘llari bilan aholining sanitariya madaniyati darajasini oshirishga erishilishi qayd etildi.

Shuningdek, davlat idoralari, mulkchilikning shakllaridan qat’iy nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar va alohida shaxslar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlariga rioya etishlari ustidan davlat sanitariya nazoratining qat’iyatlik bilan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Toshkent shahar Davlat veterinariya boshqarmasining tuman bo‘limi rahbarlariga davlat veterinariya bo‘limi xodimlari o‘z vakolatlari doirasida idoraviy mansubligi hamda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning faoliyatida veterinariya-sanitariya nazoratini hamda bu boradagi huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirib, Veterinariya to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi ko‘rsatib o‘tildi.

“O‘zdavraqobatqo‘mitasi” Toshkent shahar hududiy boshqarmasi zimmasiga reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi va reklama tarqatuvchilar tomonidan Toshkent shahrida tashqi reklama alohida maxsus konstruktsiyalarda, taxtalavhalarda, ekranlarda, binolarda, inshootlarda, yo‘l chekkalarida, ko‘cha yoritgichlarining tayanchlarida o‘rnatilganida, shahar obodonchiligiga, arxitektura va tashqi ko‘rinishiga mos kelgan holda, ko‘cha yoritgichlarining tayanchlarida hamda ko‘cha va yo‘llar qatnov qismi uzra joylashtirish, xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilgan holda va yo‘l belgilari, svetoforlar, chorrahalar, piyodalarning o‘tish joylari, umum foydalanishdagi transport vositalari bekatlarini to‘sib qo‘ymagan holda o‘rnatilishini nazoratga olib, reklama qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishini tugatish haqidagi ko‘rsatmani o‘z vaqtida bajarmaganlik, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish yuklandi.

“O‘zdavneftgazinspeksiya” hamda “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi, shuningdek, barcha tuman gaz foydalanish xizmatlari va elektr ta’minoti korxonalari rahbarlariga umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, shuningdek, elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga qasddan shikast yetkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda amalga oshirishning tashkillashtirilishi, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan murosasizlik bildirib, qonuniy choralar ko‘rilishi ta’kidlandi

Tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi raislariga hududda tozalik va ozodalikni saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yanada yaxshilash hamda aholining bu boradagi huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan profilaktik choralar ko‘rib borish, aholining tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan ishlarni jadallashtirib, mahalla hududida pasport tizimiga rioya qilish, uy-joylarni noqonuniy ijaraga berish holatlarining oldini olish, shuningdek, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan targ‘ibot ishlarining yanada kuchaytirilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raislari hamda Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish Departamenti tuman bo‘limining katta sud ijrochilariga huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, shuningdek, boshqa mutasaddi idoralar tomonidan kommunal xizmat va obodonlashtirish sohasidagi hamda sanitariya va veterinariya qoidalarini, shaharsozlik va pasport tizimiga oid qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun yuborilgan ma’muriy javobgarlik haqidagi ishlar ko‘rib chiqilib, qonuniy qarorlar qabul qilinishi va huquqbuzarlardan ularga jazo tariqasida tayinlangan jarimalarni o‘z vaqtida undirish choralarining ko‘rilishi belgilandi.

Tuman hokimlari va tuman prokurorlariga tumandagi mas’ul nazorat-tekshiruv idoralarining ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlari yuzasidan doimiy monitoring olib borib, ularga biriktirilgan hududning sanitariya ahvoli va obodonlashtirish holatini inobatga olgan holda ular faoliyatiga baho berib borilishi, hududdagi nazorat-tekshiruv organlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi va farmoyishda belgilangan vazifalarning bajarilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilib, bu boradagi ishlar yuzasidan muntazam ravishda tahlillar o‘tkazilishi ta’kidlandi.

Barcha huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari hamda boshqa kommunal sohadagi mutasaddi idora rahbarlariga kommunal xizmat va obodonlashtirish sohasidagi hamda sanitariya va veterinariya qoidalarini, shuningdek, shaharsozlik va pasport tizimiga oid qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni ta’minlashda xodimlarning mas’uliyatini yanada oshirib, bu boradagi aholining huquqiy ongi va madaniyatini bundanda ko‘tarishga erishilishi, barcha huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining mas’ul xodimlari huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy hujjatlarni rasmiylashtirishda o‘z xizmat kiyimlarida bo‘lishlarining ta’minlanishi alohida ko‘rsatib o‘tildi.