O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-apreldagi “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yakka tartibda hisobga olishni joriy etish chora-tadbirlari haqida”gi 90-sonli qaroriga muvofiq, sug‘urta badallari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jismoniy shaxslar kesimida hududiy davlat soliq xizmati organlariga taqdim etish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar bermoqda.

Foto: uzreport.uz

Foto: uzreport.uz

Endilikda sug‘urta badallari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining Adliya vazirligida 2013-yil 22-martda 2439-son bilan ro‘yxatga olingan “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 10-ilovasiga muvofiq, Yagona ijtimoiy to‘lov va fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari bo‘yicha soliq hisobotiga ilova qilgan holda davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilishi lozim bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, sug‘urta badallari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jismoniy shaxslar kesimida topshirish yuzasidan soliq to‘lovchilarga yengillik yaratish maqsadida hisobot shaklini ikki xil variantda to‘ldirish imkoniyati yaratildi. Birinchisi xodimlar soni 50 nafargacha bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobot.soliq.uz saytida turgan holda birma-bir to‘ldirish.

Ikkinchisi xodimlar sonidan qat’iy nazar barcha yuridik shaxslar tomonidan Excel formatda tayyorlangan namunaviy faylni yuklagan holda o‘zlari tomonidan oldindan tayyorlangan Excel formatidagi fayldan tasdiqlangan shaklga muvofiq nusxa ko‘chirish yo‘li bilan to‘ldiriladi.