Joriy yilning Ramazon oyi davomida o‘zbekistonlik 670 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida umra ibodatlarini ado etib, qaytib keldi, deya xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.

Foto: religions.uz

Foto: religions.uz

Muqaddas safar davomida o‘zbekistonliklar Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy”dan (payg‘ambar masjidi – Haram) 150 metr masofada joylashgan “Fayruziyatul Xayr” hamda Makka shahrida Masjidul Haramdan 2,5—3 km masofada joylashgan “Safvatul Miad” mehmonxonalarida joylashtirildi.

Mazkur mehmonxonalarda ziyoratchilarga umra va boshqa ibodatlarini ado etishlari uchun barcha qulayliklar yaratildi. Xonalar televizor, sovitgich va konditsioner bilan jihozlandi. Makka shahridagi mehmonxonada ziyoratchilarning masjidga qatnashi uchun mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Ziyoratchilarga iftorlik va saharlik vaqtlarida ikki xildagi milliy taomlar, meva va turli ichimliklar berildi. Zaruriy dori-darmon va jihozlar bilan ta’minlangan tibbiyot punktlari ham 24 soat davomida faoliyat yuritdi.

13-iyuldan 14-iyul kuniga o‘tar kechasi ziyoratchilar Masjidul Haramda “Qadr kechasi”, 15-iyul kuni Xatmi Qur’on ibodatlarini ado etdi. Hayit kunlari ular Masjidi Haramda ibodat va duolar bilan mashg‘ul bo‘ldi.

20-iyul kuni Ramazon mavsumi ziyoratchilarining oxirgi guruhlari O‘zbekistonga eson-omon qaytdi.