2015-yil 9-iyul kuni Davlat test markazi direktorining “Chet tillar o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash uchun test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi buyrug‘i qabul qilindi. Unga ko‘ra, Nizomga bir qator o‘zgarishlar kiritildi, deb xabar beradi “Xushnudbek.uz”.

Foto: uza.uz

Foto: uza.uz

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, xuddi shu Nizomga joriy yilning yanvar oyida tegishli o‘zgarishlar kiritilgan edi va bu o‘zgarishlarning mazmuni haqida Sizga ma’lumot bergan edik.

Yangi kiritilgan o‘zgarishlar Nizomning 4 ta bandiga taalluqli bo‘lib, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

1-o‘zgarish: Test sinovlariga uzrli sabablarga ko‘ra (kasalligi, xizmat safarida bo‘lganligi va h.k.) kelmagan o‘qituvchilar to‘lov undirilmagan holda test sinovlarini qayta topshirish uchun uzrli sabab yuz berganligini tasdiqlovchi hujjatni uzrli sabab bartaraf etilgan kundan boshlab bir oy muddat ichida taqdim etishlari lozim. Ilgari bunday muddat belgilanmagan edi va istalgan vaqti shunday hujjat taqdim etganda topshirish imkoniyati vujudga kelardi.

2-o‘zgarish: Ilgari test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tmagan yoki testda ishtirok etish uchun ariza berib, test sinovida uzrsiz sabablarga ko‘ra qatnashmagan yoxud test sinoviga kechikib kelgan hamda test sinovidan chetlashtirilgan o‘qituvchi kamida bir yildan keyin test sinovlarini navbatdan tashqari qayta topshirishi mumkin edi. Yangi o‘zgarishga ko‘ra, bir yillik cheklov bekor qilindi va yuqoridagi sabablar bilan testdan o‘ta olmagan o‘qituvchilar endi bir yil o‘tishini kutib o‘tirmasdan, qayta topshirishlari mumkin.

3-o‘zgarish: Nizomning 35-bandiga quyidagi mazmundagi band kiritildi:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 25 martdagi 67-son “Umumta’lim muassasalarining chet tillar o‘qituvchilari malakasini va kasb mahoratini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandiga muvofiq, lavozim maoshiga oylik ustama olish huquqini beruvchi test sinovidan kalendar yil mobaynida qatorasiga ikki marta o‘tmagan umumta’lim muassasalarining chet tillar o‘qituvchilari kelgusi o‘quv yilidan boshlab o‘z mablag‘lari hisobidan malaka oshirish kurslaridan o‘tmagunlariga qadar chet tili bo‘yicha o‘qituvchilik faoliyatiga qo‘yilmaydilar.

4-o‘zgarish: Qayta topshirish uchun to‘langan mablag‘lar tushiriladigan hisobvarag‘i o‘zgartirildi. Endilikda mazkur mablag‘lar Davlat test markazining Byudjet tashkilotini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari bo‘yicha byudjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga tushiriladi va birinchi navbatda test sinovlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun yo‘naltiriladi. Ilgari esa Davlat test markazining shaxsiy g‘aznachilik hisob raqamiga tushirilar edi.

Shuningdek, agar Nizom mazmuniga e’tibor qilsak, ilgari qayta topshirishdan tushgan mablag‘lar faqat test sinovlarini o‘tkazish uchun ishlatishga sarflanishi belgilangan bo‘lsa, yangi o‘zgarish bo‘yicha “birinchi navbatda” degan jumla kiritilishi evaziga, qayta topshirishdan tushgan mablag‘lar boshqa maqsadlarda ham ishlatilishi mumkinligini bildiradi.