O‘zbekiston poytaxti hokimiyati gazetasi “Toshkent oqshomi” shahar aholisini daydi it va mushuklar  muammosiga bee’tibor bo‘lmaslikka va ular haqida Obodonlashtirish bosh boshqarmasiga xabar berishga chaqirdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Foto: gazeta.uz

Foto: gazeta.uz

21-iyuldagi maqolada gazeta hukumat tomonidan to‘rt yil avval qabul qilingan “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning ijrosini tanqid ostiga oldi.

“Shu qaror asosida shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari, shahar va tuman davlat veterinariya bo‘limlarining itlarni tutish brigadalari negizida qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlari ham tashkil etilgan, — deyiladi maqolada. — Biroq bunday profilaktika ishlari ko‘lami katta shahar uchun yetarli darajada emas. Modomiki, masalaga yanada jiddiy yondashib, otryad va brigadalar ishini yanada kuchaytirish, shaharning barcha joylarini qamrab olishga harakat qilish lozim bo‘ladi. Ana shundagina kutilgan natijaga erishishimiz mumkin”.

Maqolada ta’kidlanishicha, ko‘pqavatli uylardagi xonadonlarda inson uchun yashash sharoitlari muhayyo qilingan, hayvon uchun emas. “Avvalo, odam uyiga oyoq kiyimini yechib kiradi. It yoki mushuk, ko‘chada nimani bosib kelganidan qat’i nazar, uyga shundoq kiraveradi. Eng yomoni ular tekkan oziq-ovqatni iste’mol qilish odam uchun ko‘pdan-ko‘p kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin va hokazo”, — deb yozadi gazeta.

Bundan tashqari, ko‘pqavatli uyda it yoki mushuk boqilayotgan xonadondan anqiydigan hid, itlarning vaqt-bemahalda vovullashi qo‘shnilarni ham bezovta qilishi tilga olinib, bu o‘rinda bir kishining manfaati boshqalarning, ya’ni ko‘pchilikning manfaatiga zid kelib qolishi ta’kidlanadi.

“Qabul qilingan qaror bor. Tartib-qoidalar qat’iy qilib o‘rnatilgan. Ammo hamma vaqt ham yoki hamma joyda ham shularga amal qilavermaymiz. Buni kim nazorat qiladi? Qanday qilib odamlarni shu qoidalarga qat’iy rioya etishga ko‘niktiramiz? — deyiladi maqolada. — Buni mutasaddi tashkilot, har kim o‘ylashi kerak. Jamoatchilik esa bir chetda tomoshabin bo‘lib turmasligi lozim”.