2015-yilning 21-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burianni qabul qildi, deya xabar bermoqda “Jahon” axborot agentligi.

Foto: jahonnews.uz

Foto: jahonnews.uz

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va rivojlantirish istiqbollari hamda turli sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Muloqot davomida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasining amaliy ahamiyati va samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar ko‘rib chiqildi.

“Yevropa ittifoqi va O‘zbekiston savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega, va biz Yevropa kompaniyalari mamlakatingizga faollik bilan investitsiya kiritishini istaymiz. Fikrimcha, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish uchun Biznes va investitsiya kengashini tuzish katta ahamiyat kasb etadi. Bu mintaqangizning investitsiyaviy imkoniyatlarini samaraliroq namoyish etish va biznes tuzilmalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkonini bergan bo‘lardi”, — dedi Piter Burian.