Buxoro shahridagi “Maxsusavtoxo‘jalik” kompaniyasi istiqbolda chiqindini saralash stansiyasi, chiqindini qayta ishlash va biogaz ishlab chiqarish bo‘yicha zavodlar qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “12news.uz” xabar bermoqda.

Foto: “12news.uz”

Foto: “12news.uz”

Kompaniya direktori Said Kenjayevning so‘zlariga ko‘ra, shahar hududidan maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish uchun uch milliard so‘mga lizing asosida maxsus ISUZU, shuningdek, MAN va HOWA avtomobillari sotib olingan. Bundan tashqari, 55 ta metall konteynerlar ham xarid qilingan. Ma’lum qilishlaricha, kompaniyaning 37 nafar ishchisi har kuni 65 mahalla hududidan 350 ming kub metr chiqindini olib chiqadi.

Kenjayevning qayd etishicha, “Maxsusavtoxo‘jalik” yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini tejash maqsadida avtotransport vositalarini benzin yonilg‘isidan metan gaziga o‘tkazmoqda, shuningdek, ish samaradorligini oshirish uchun maxsus texnikalarga GPS navigatsiya tizimlari o‘rnatilgan.