O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Djungxun Cho va Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Zafar Hoshimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: “Gkk.uz”

Foto: “Gkk.uz”

Joriy yilning 5 mart kuni davlat korxonalarini boshqarish tizimini isloh etish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga bag‘ishlangan “davra suhbati”, shuningdek korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishda borasida birgalikda olib boriladigan ishlarni tashkil etish bo‘yicha Harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) tayyorlangan edi.

Shuningdek, bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Jahon bankining texnik qo‘llab-quvvatlash dasturi va yuqoridagi masalalar bo‘yicha Chora-tadbirlar dasturi – “Yo‘l xaritasi” loyihasi muhokama qilingan. Ushbu muhokamalar chog‘ida asosiy e’tibor aksiyadorlik jamiyatlari yillik moliyaviy hisobotni nashr etishi va Xalqaro audit standartlari hamda Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq tashqi auditni o‘tkazishiga qaratildi.

Ta’kidlash joizki, Davlat raqobat qo‘mitasi va Jahon banki o‘rtasida olib borilayotgan o‘zaro hamkorlik doirasida Toshkent shahrida Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazini qo‘llab-quvvatlash dolzarb masalalar qatoriga kirgan.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida korporativ boshqaruvni takomillashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish sohasida olib boriladigan birgalikdagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha Harakatlar rejasi (“Yo‘l haritasi”) imzolandi.