Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi umumta’lim maktablarining birida o‘rinbosar bo‘lib ishlagan shaxs direktor vazifasini vaqtincha bajarib turgan edi. U bir qancha vaqtdan so‘ng o‘zini maktab rahbari qilib tayinlash uchun tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limiga murojaat qildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Foto: joinfo.ua

Foto: joinfo.ua

Ushbu bo‘limning mudiri vazifasini vaqtincha bajarib turgan mas’ul xodim lavozimga tayinlash uchun 300 AQSh dollari so‘raydi. O‘rinbosar 500 ming so‘m keltirib beradi va qolganini direktorlikka tayinlanganidan keyin berishini tushuntiradi. Mudir unga ishonmaydi va o‘z lavozimida qolishini aytib, bergan pulini qaytarib berishini aytadi.

Shundan keyin o‘rinbosar tegishli idoralarga murojaat qildi. Mudir pulni qaytarib berayotganida SVOJJDLQK departamentining tuman bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. U aybiga to‘liq iqror bo‘ldi, deb yozadi “Huquq”.

Aslida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyati maktab direktorini lavozimdan bo‘shatish, ushbu lavozimga ishga tayinlash vakolatiga ega. Tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limining mudiri esa xodimni ushbu lavozimga tavsiya etishi mumkin, xolos.

Nashr bergan ma’lumotga ko‘ra, sud pora talab qilgan tamagirga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlab, hukm chiqardi.