Dehqonu fermerlar, tadbirkorlarning omilkorligi tufayli xalq iste’moli va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tayyorlash hajmi tobora kengayib borayotir, deb xabar qiladi O‘zA.

Foto: uza.uz

Foto: uza.uz

2010-yildan kuchga kirgan tartibga ko‘ra, o‘z tomorqasida yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotayotganlar soliqlardan ozod qilingan. Bozorlarda sotuvchilar tosh-tarozi bilan ta’minlangan. Oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan omborxonalar ishlab turibdi.

Mahsulotning ko‘pligi bozor iqtisodiyotining muhim sharti – raqobatni rivojlantiradi. Raqobat bor joyda narx-navo pasayib, mahsulot va xizmatlar sifati yanada oshadi. Joriy yilning iyul oyidan boshlab dehqon bozorlarini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, xaridorlarga qulaylik yaratish, fermerlar manfaatdorligini oshirish maqsadida Toshkent bozorlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining doimiy yarmarkasi yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Republikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, fermerlar yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini daladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorlarga uzluksiz yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda. Bu borada ichki ishlar, bojxona, davlat soliq xizmati va boshqa idoralar hamkorlik qilayotir. Tegishli ruxsatnomalar bilan ta’minlangan mulkdorlar hech bir to‘siq yoki muammoga uchramasdan mahsulotlarini poytaxt bozorlariga yetkazib kelmoqda. Bunda viloyatlardan 159 fermer xo‘jaligi faol ishtirok etmoqda.

Dehqonlarga poytaxt bozorlarida to‘rt ming to‘rt yuz qirqdan ziyod rasta ajratilgan. Misol uchun, Samarqand viloyatidan kelgan o‘ttizga yaqin fermer Yunusobod va Oloy dehqon bozorlarida, andijonlik o‘ttiz beshta fermer Askiya va Eski jo‘va dehqon bozorlarida o‘z mahsulotini xaridorlarga taqdim etmoqda. Shu kungacha aholiga 420 tonnadan ortiq kartoshka, 250 tonna piyoz, 140 tonnaga yaqin sabzi, 610 ming dona tuxum, meva, poliz va go‘sht mahsulotlari yetkazib berildi.