AQShning General Motors (GM) korporatsiyasi eng tez o‘sayotgan bozorlar uchun Chevrolet brendi ostida yangi avtomobillar qatorini ishlab chiqish uchun 5 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritish, shuningdek, Xitoyning SAIC Motor kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Vedomosti” xabar bermoqda.

Foto: “carnellm.com”

Foto: “carnellm.com”

GM va SAIC to‘rt mamlakat — Xitoy, Braziliya, Hindiston va Meksikada yig‘iladigan avtomobillar uchun mutlaqo yangi konsepsiya va yangi dvigatellarni ishlab chiqish niyatida. Mazkur mamlakatlarda avtomobillarni ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar tomonidan tayyorlangan butlovchi qismlardan ham keng foydalaniladi.

2019-yildan boshlab yangi modellar GM tomonidan rivojlanayotgan bozorlarda sotilayotgan B va C klassga mansub avtomobillarni almashtiradi. GM va SAIC 2030-yil oxiriga borib yiliga 2 million donagacha avtomobil sotishni rejalashtirmoqda. Biroq hamkorlar mazkur avtomobillarni AQSh yoki Yevropaga yetkazib berishni ko‘zda tutmagan.

Ayni vaqtda, GM prezidenti Den Ammanning so‘zlariga ko‘ra, konsern Rossiya, Indoneziya va Tailanddagi faoliyatini qisqartirishga qaror qilgan, chunki bu bozorlarda yuqori barqarorlikni saqlab qolish qiyin, yoki bo‘lmasa, Rossiya misolida, mazkur mamlakatlarga kiritilgan investitsiyalar haddan tashqari yuqori tahdid ostida turadi.