Rossiya Jamoatchilik palatasi BRIKS mamlakatlari hududida 14 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun vizasiz tartib joriy etilishi haqidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlashni so‘rab, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga maktub yo‘lladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: RIA Novosti

Foto: RIA Novosti

Palataning jamoatchilik diplomatiyasini rivojlantirish va xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiyasi raisi Yelena Sutorminaning so‘zlariga ko‘ra, yoshlar uchun vizasiz tartibning joriy etilishi tadbirkorlik, ta’lim dasturlari, talabalar almashinuvlari, malaka oshirish, forum va kongresslar rivojlanishiga ko‘mak beradi, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi sayyohlik oqimlarini jonlantiradi.

O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi hozircha idora oldida tartibni to‘liq vizasiz qilish vazifasi yo‘qligini, biroq tartibni yumshatish yo‘lida harakatlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, BRIKS mamlakatlari hududida yoshlar uchun vizasiz tartib joriy etilishi haqidagi tashabbus 26—29-iyul kunlari Ufada bo‘lib o‘tgan BRIKS va ShHT mamlakatlari Yoshlarining birinchi forumida ilgari surilgan edi. Ma’lumot uchun, BRIKS — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi birgalikda tuzgan tashkilotdir.