Toshkent shahrida gazda harakatlanuvchi MAN avtobusi sinovi yakuniga yetdi. “Tashtrans.uz” xabariga ko‘ra, yangi avtobus Mustaqillik bayrami arafasida 44-yo‘nalish bo‘ylab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlagan.

Foto: tashtrans.uz

Foto: tashtrans.uz

Avtobus salonida jami o‘rindiqlar soni 28 dona bo‘lib, ular juda yumshoq va qulay. “Avtobusning orqa qismidagi zina birinchi navbatda turib ketayotgan yo‘lovchilarga ma’lum bir noqulaylik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan yagona kamchilikdir”, — deyiladi sayt xabarida.

Foto: tashtrans.uz

Foto: tashtrans.uz

Salonning old qismi toshkentlik yo‘lovchilar o‘rganib qolgan Mercedes-Benz Conecto Low Floor avtobuslaridan biroz farq qiladi, xususan, chap tomonda joylashgan o‘rindiqlarni, yo‘lovchilar soni ko‘payib ketgan vaqtda, yig‘ib qo‘yish mumkin.

Foto: tashtrans.uz

Foto: tashtrans.uz

Avtobus salonidagi old g‘ildiraklarning bo‘rtib chiqqan qismi kichik shkafcha ko‘rinishida ishlangan. “Bu shkafchalar texnik asbob-uskunalarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan, bizning yo‘lovchilar esa undan qo‘l yukini qo‘yish uchun foydalansa ajab emas”, — deb yozadi Tashtrans.uz.

Foto: tashtrans.uz

Foto: tashtrans.uz

“Avtobusning yana bir jiddiy kamchiligi — darchalar ancha kichik va ingichka, bu esa salondagi ventilatsiyaning normal kechishiga xalal beradi. Shu sababli jazirama kunlarda tiqilinch salonda nafas olish biroz qiyin bo‘lishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qilinadi sayt xabarida.

Foto: tashtrans.uz

Foto: tashtrans.uz

“Umuman olganda, avtobusdan olingan yaxshi taassurot topilgan kamchiliklardan ancha katta va, umid qilamizki, yangi MAN avtobusi bizning yo‘llarimizga moslashib, ‘o‘zidan ko‘payib ketadi’”, — deyiladi Tashtrans.uz xabarida.