Volkswagen boshqaruvi raisi Martin Vinterkorn lavozimini tark etadi. Bu haqda konsern kuzatuv kengashining Volfsburgda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishidan so‘ng e’lon qilindi. Yangi rahbarning tayinlanishi to‘g‘risidagi qaror 25-sentabr, juma kuni qabul qilinishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda “TASS”.

Martin Vinterkorn.  Foto: “TASS”

Martin Vinterkorn.

Foto: “TASS”

68 yoshli Vinterkorn “dizelli mojaro” tufayli tanqid ostida qoldi. Ma’lum bo‘lishicha, dizel dvigatelli avtomobillarning bort kompyuteriga mashinadan chiqayotgan zararli moddalar ko‘rsatkichini kamaytirib ko‘rsatuvchi dasturiy ilova o‘rnatilgan ekan.

“Volkswagen konsernida bunday ko‘lamdagi kamchiliklar ro‘y berishi mumkinligi meni esankiratib qo‘ydi, — deya ta’kidladi Vinterkorn. — Kuzatuv kengashidan boshqaruv raisi vakolatini zimmamdan soqit qilishni so‘radim. Garchi noto‘g‘ri xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymagan bo‘lsam-da, kompaniya manfaatlarini ko‘zlab shunday qarorga keldim”.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada AQSh rasmiylari konsernga ushbu mamlakat bozorida 2009-2015-yillarda sotilgan 482 ming dizel dvigatelli Volkswagen va Audi yengil mashinalarini qaytarib olish majburiyatini yukladi. Avtogigantga solinishi mumkin bo‘lgan jarima miqdori 18 milliard dollarga yetishi mumkin. Yevropa va Osiyoda ham konsernga nisbatan surishtiruv boshlandi.

OAV Porsche bo‘linmasi yetakchisi Mattias Myuller Volkswagen rahbari etib tayinlanishi mumkinligi haqida taxmin qilmoqda.