Buyuk Britaniyaning Bonhams auksion uyi Ebeltoftda (Daniya) 1905-yilda ishlab chiqarilgan Woods Electric Style 214A Queen Victoria Brougham elektromobilini kimoshdi savdosi orqali noma’lum xaridorga sotdi. Bu haqda Interfax xabar bermoqda.

Foto: “Nplus1.ru”

Foto: “Nplus1.ru”

Gizmag nashri ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil 632,5 ming Daniya kronasi evaziga (95 ming dollar atrofida) xaridorini topgan. Elektromobil 1905-yilda uch ming dollar (hozirgi narxlarda 74-75 ming dollarga yaqin) turgan. Mazkur avtomobil AQShning Woods Motor Vehicle Company kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan shunday turdagi yagona saqlanib qolgan mashina sanaladi. 1899-yili Chikagoda asos solingan kompaniya yiliga 500 dona elektromobil ishlab chiqargan, biroq 1918-yilda yo‘nalishini benzinli va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishga o‘zgartirolmay, kasod bo‘lgandi.

XIX asr oxiri —XX asr boshlarida elektromobillar bozori ancha rivojlangan bo‘lib, birgina AQShning o‘zida 1900-yili 30 mingta shunday mashina harakatda bo‘lgan. 1910-yilga kelib esa Nyu-Yorkda salkam 70 mingta elektromobil taksi sifatida foydalanilgan.

1899-yili La Jamais Contente soatiga 105,9 kilometr tezlikka erishib, bunday ko‘rsatkichni qayd etgan birinchi avtomobil bo‘lgandi.