O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati to‘rtinchi yalpi majlisining birinchi ish kunida senatorlar “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi. O‘zA xabariga ko‘ra, qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Qayd etishlaricha, ushbu hujjat aholiga, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan (AKT) keng foydalanish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan.

Qonun “elektron hukumat” faoliyatini tashkil etishning davlat organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligi, da’vo qiluvchilarning elektron davlat xizmatlaridan teng foydalanishi, axborot xavfsizligini ta’minlash kabi prinsiplarini mustahkamlaydi.

Qonun shu jumladan, “bir darcha” prinsipi asosida elektron hujjat almashish imkoniyatlarini kengaytiradi, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro aloqaning mexanizmlarini yaratishni, elektron davlat xaridlari tizimini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Qonunda Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari, shuningdek, fuqarolar, jismoniy hamda yuridik shaxslarning ushbu sohadagi huquqlari, “Elektron hukumat” faoliyatining tartibi, infratuzilma xususiyatlari belgilab berilmoqda.

Senatorlarning fikricha, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunning kuchga kirishi turli ma’muriy tartib-taomillarni yanada yengillashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligini ta’minlash uchun huquqiy asos yaratadi.