O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati to‘rtinchi yalpi majlisining birinchi ish kunida senatorlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 2016-yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi ham ko‘rib chiqdi hamda ma’qulladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Dasturda aholini, shu jumladan, xotin-qizlarni, nogironlarni hamda ijtimoiy yordamga muhtoj aholining boshqa toifalarini va eng avvalo, yoshlarni ishga joylashtirishning, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishning yangi usullaridan foydalanish nazarda tutilmoqda.

Kollej bitiruvchilarini ishga qabul qiluvchi kichik korxonalarga keng imtiyozlar berish hisobiga ish o‘rinlarini tashkil etishda kichik biznesning rolini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar dasturda alohida o‘rin egallaydi.

O‘zAning qayd etishicha, ish beruvchi, ta’lim muassasalarining bitiruvchilari va ota-onalar o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar samaradorligini oshirish va bunday shartnomalarning to‘liq bajarilishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Dasturda ish o‘rinlarini tashkil etish, aholini ishga joylashtirish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlarining, barcha darajadagi hokimliklarning aniq vazifalari belgilab berilmoqda.

Umuman olganda, dasturga muvofiq 2016-yilda 992,7 ming kishini ishga joylashtirish nazarda tutilgan. Shundan 511,5 ming kishi ta’lim muassasalari bitiruvchilaridir.