O‘zbekistonning bir qator hududlarida 17-yanvar, yakshanba kuni qor yog‘ishi mumkin. Bu haqda “O‘zgidromet” markazi axborot berdi.

Foto: “Gazeta.uz” / Hamza Foziljonov

Foto: “Gazeta.uz” / Hamza Foziljonov

17-yanvar kuni faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida, shuningdek, tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, qolgan barcha hududlarda yomg‘ir yoki qor yog‘ishi kutilmoqda.

Jumladan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahridagi yomg‘ir esa qorga aylanishi mumkin.

Toshkent shahrida 17-yanvarga o‘tar kechasi yog‘ingarchilik kuzatiladi, qorga aylanishi mumkin. 17-yanvar kuni kunduzi esa vaqti-vaqti bilan qisqa muddat davomida yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin.

17-yanvarga o‘tar kechasi faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati (-5 darajagacha sovuq), Farg‘ona vodiysi viloyatlari (-2 darajagacha sovuq) hamda tog‘li hududlarda (-3 darajagacha sovuq) havo harorati 0 darajadan past bo‘ladi. Qolgan hududlarda 0...+7 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.

17-yanvar kuni kunduzi Xorazm, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahrida havo harorati 0...+5 daraja iliq, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida esa +10...+11 darajagacha iliq bo‘lishi taxmin qilinmoqda.