“Istiqlol” san’at saroyida “Kamalak yulduzlari” respublika bolalar ijodiyoti festivali g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir va ular ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

O‘zbekiston yoshlarining “Kamolot” ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirga festivalning yakuniy bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘g‘il-qizlar, ularning o‘qituvchi va murabbiylari, ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

Festivalning barcha bosqichida 6—14 yoshli 60 400 nafar iqtidorli o‘g‘il-qiz o‘z mahoratini namoyish etdi. Saralash bosqichlarida o‘quvchilarning mumtoz va milliy musiqa cholg‘ulari ijrochiligi, an’anaviy va akademik xonandalik, xoreografiya, tasviriy va amaliy san’at, nasr va nazm yo‘nalishidagi iste’dod va mahorati taniqli san’atkor va mutaxassislar tomonidan baholandi.

Loyiha doirasida Toshkentdagi ko‘rgazma zallarida bolalar rasmlari ko‘rgazmasi, mohir rassom va haykaltaroshlar, usta hunarmandlar, musiqashunoslar, rejissorlar, shoir va yozuvchilar ishtirokida mahorat saboqlari, ijodiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Festivalning turli nominatsiyalarida g‘olib bo‘lganlarga diplom va sovg‘alar topshirildi.