Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 2015-yilda O‘zbekiston hududiga xorijiy ishchi kuchini jalb etish uchun yuridik shaxslarga 1,5 mingta ruxsatnoma berildi va O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini yuritishga oid 4,8 mingta ariza tasdiqlandi. Bu haqda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Aziz Abduhakimov OAVga bergan maxsus intervyusida ma’lum qildi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

O‘zbekiston fuqarolarining Koreya va Yaponiya bilan kelishuv asosida xorijda mehnat qilishlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida ham faol ish olib borildi. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda dunyoning boshqa rivojlangan davlatlari bilan ham mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini ishlab chiqmoqda.

Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida ham bir qator natijalarga erishildi. 2015-yilda ushbu sohada amalga oshirilgan eng muhim ishlardan biri Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash va manzilli ijtimoiy himoyalashni yanada kuchaytirish bo‘yicha” farmonning qabul qilingani bo‘ldi. Mazkur hujjatga ko‘ra, yolg‘iz keksalarga ularning uyida ijtimoiy xizmat ko‘rsatish va ularga bepul tarqatiladigan shaxsiy gigiyena hamda oziq-ovqat mahsulotlari tizimi takomillashtirildi. Vazirlikning butun diqqat-e’tibori “Saxovat” va “Muruvvat” uylari moddiy-texnik bazasini boyitish ishlariga qaratildi. Vazirlik qoshidagi faxriylar salomatligini tiklashga yo‘naltirilgan sanatoriylar ham e’tibordan chetda qolmadi.

2015-yilda vazirlikda ko‘ptarmoqli chaqiruv markazi (call centre) tashkil etildi va 200-06-00 raqamlarida ish boshladi. Markaz uzluksiz faoliyat olib boradi va respublikaning har bir fuqarosi qo‘ng‘iroq qilib, mehnat va bandlik masalalari bo‘yicha o‘zini qiynayotgan muammo yuzasidan maslahat va axborot olishi mumkin.

Hozirgi kunda barcha viloyatlar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlarini rasmiy saytdan bilib olish mumkin. Interaktiv xizmatlar ham joriy qilingan.