Yakunlangan 2015-yilda aholi turmush farovonligini yaxshilash yo‘lidagi ko‘plab masalalar o‘z yechimini topdi. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Aziz Abduhakimov OAVlariga bergan maxsus intervyusida bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga qaraganda, 2015-yilda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining bor kuch-g‘ayrati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2015-yilning 16-yanvarida Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida belgilab berilgan va ijtimioy-iqtisodiy taraqqiyotga mo‘ljallangan muhim vazifalarni bajarishga qaratildi.

Jumladan, 2015-yilda O‘zbekistonda 990,4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Maqsadli dasturlar doirasida esa 265 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Vazirlik mutaxassislari yangi ish o‘rinlari yaratish va bandlikni ta’minlash dasturi ijrosini monitoring qilib bordi va mehnat qonunchiligiga amal qilinishi hamda mehnat muhofazasi borasidagi masalalarni hal etish va takomillashtirish bilan shug‘ullandi.

O‘zbekistonning barcha hududlarida “Shaxsiy biznes uchun ochiq eshiklar kuni” loyihasi amalga oshirildi. Mazkur tadbir doirasida ikki soat mobaynida shaxsiy biznesni boshlash uchun kerak bo‘ladigan barcha hujjatlarni rasmiylashtirish imkoni yaratildi. Bugungi kunda 2014/2015-o‘quv yili bitiruvchilarining 90 foizi ish bilan ta’minlandi.

Ishsiz aholini kasbga qayta tayyorlash tizimining rivojlantirilishi alohida ahamiyatga molik. Samarqandda koreyalik hamkorlar bilan birgalikda respublikada ikkinchi Kasbiy ta’lim markazining qurilishi boshlandi. Mazkur markazda bepul ravishda vaqtincha ishsiz fuqarolar turli yetakchi korxonalarda faoliyat yuritish uchun tayyorlanadi.